
02/02/2026
Oltinni uy sharoitida qanday tozalash mumkin?
Oltin taqinchoqlar vaqt o‘tishi bilan turli tashqi ta’sirlar tufayli o‘zining dastlabki jilosini yo‘qotishi mumkin. Shu bois ko‘pchilikni tilla taqinchoqlarni uy sharoitida qanday qilib to‘g‘ri va xavfsiz tozalash mumkin, degan savol qiziqtiradi. Ushbu maqolada oltinni uy sharoitida buyumga zarar yetkazmagan holda tozalashning eng maqbul usullari bilan tanishtiramiz.
Tilla taqinchoqlar nega xiralashadi?
Oltin sof metall bo‘lib, oksidlanmaydi va zanglamaydi. Biroq zargarlik buyumlari deyarli har doim boshqa metallar – mis, kumush, nikellar bilan qotishma holida tayyorlanadi. Aynan shu qotishma tarkibi oltin taqinchoqlarning vaqt o‘tishi bilan xiralashishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, oltin taqinchoqlar kundalik taqilish jarayonida inson tanasi ajratadigan ter va ter yog‘i, kosmetik vositalar hamda chang-to’zonlar sababli tashqaridan yupqa qatlam hosil qiladi. Natijada oltin o‘z rangini yo‘qotgandek ko‘rinadi. Aslida esa ko‘p hollarda bu metallning zararlanishi emas, balki yuzaki ifloslanish bo‘lib, to‘g‘ri tozalash orqali butunlay bartaraf etiladi.

Oltinni uy sharoitida tozalashning xavfsiz usullari
● Iliq suv va suyuq sovun bilan tozalash
Ishni idishga iliq suv quyish bilan boshlang. So’ngra unga bir necha tomchi suyuq sovun qo‘shing. Va oltin buyumni 10–15 daqiqa eritmaga solib qo‘ying. Keyin yumshoq tish cho‘tkasi bilan sekin tozalang. Keyin esa toza iliq suvda chaying va yumshoq mato bilan quriting. Jarayonda sifatli suyuq sovundan foydalansangiz, nur ustiga a’lo nur. Bu eng xavfsiz va universal usul bo‘lib, deyarli barcha turdagi oltin buyumlar uchun mos keladi.
● Soda va suv aralashmasi bilan tozalash
Ikkinchi keng tarqalgan usul bu iste’mol sodasi va suv aralashmasi bilan tozalash. Bunda ish 1 choy qoshiq soda va ozgina suvdan pasta tayyorlash bilan boshlanadi. Oltin juda yengil harakat bilan artiladi. Darhol suv bilan chayib tashlanadi va quritiladi. Iste’mol sodasi — natriy gidrokarbonat (NaHCO₃) bo‘lib, u kimyoviy jihatdan yumshoq bo’ladi. Oltinning o‘ziga ta’sir qilmay, yuzaga yopishgan yog‘, ter qoldiqlari, kosmetika qatlamini mexanik tarzda ajratib tashlaydi. Oltin qotishmasidagi metallar bilan kuchli reaksiyaga kirishmaydi. Shu sabab u uy sharoitida nisbatan xavfsiz hisoblanadi. Ammo bu usul toshli yoki qoplamali oltin buyumlarda tafsiya etilmaydi. Sababi bu usul toshlarning ustki qismida tirnash hosil qilishi yoki qoplamalarning zaiflashuviga sabab bo’lishi mumkin.
● Ammiak eritmasi bilan tozalash (kam hollarda)
Agar oltin buyum juda ifloslangan bo‘lsa, ammiakdan foydalanish mumkin. Ammo bu usulni tez-tez qo‘llash tafsiya etilmaydi. Bunda 1 stakan suvga 5–6 tomchi ammiak qo‘shing. Buyumni stakanda 2–3 daqiqadan ortiq bo‘lmagan vaqtga qoldiring. Keyin darhol toza suvda chaying va quriting. Bu usul ham qimmatbaho toshli buyumlar uchun tafsiya etilmaydi.
● Maxsus zargarlik tozalash vositalari
Oltindan tayyorlangan zargarlik buyumlarini tozalashning yana bir ishonchli variantlaridan biri — professional zargarlik tozalash suyuqliklari. Bu usulni afzalliklari boshqa usullardan ko’ra ko’proq. Chunki eritmalar oltin va qimmatbaho toshlarga moslab ishlanadi. Ishlab chiqaruvchi ko‘rsatmalariga ega bo’ladi va buyumga zarar yetkazmaydi. Shu sababli bu metodni qimmat va nozik taqinchoqlar uchun ishlatish ayni muddaodir.

Qanday usullarni ishlatish mumkin emas?
Oltindan tayyorlangan zargarlik taqinchoqlarini tozalashda oqartiruvchi moddalar xlor, sirka yoki limon kislotasi, tish pastasi, qattiq cho‘tkalar va boshqa sinalmagan kukunlardan foydalanishdan saqlangan ma’qul. Sababi bular oltin yuzasini tirnashi, rangini xiralashtirishi yoki sifatiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Shuningdek, tilla taqinchoqlarni uy yumushlari vaqtida yechib qo‘yish, alohida yumshoq qopchada saqlash, oyiga 1 martadan ko‘p tozalamaslik kabi odatlar oltin buyumlaringizni uzoq vaqt chiroyli saqlashga yordam beradi.
Agar oltin buyumda brilliant, zumrad, safir va yoqut kabi qimmatbaho toshlar bo‘lsa, uy sharoitida tozalashda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Ba’zi toshlar namlik va kimyoviy moddalarni yomon ko‘radi. Bunday holatda professional zargarga murojaat qilish eng xavfsiz yechim bo‘ladi. Yoki taqinchoqni sotib olishda uni tozalash bo’yicha maxsus ko’rsatmalarni olib qo’yish ham foydadan xoli bo’lmaydi.
Oltinni uy sharoitida tozalash mumkin, ammo faqat xavfsiz va yumshoq usullar yordamida. Iliq suv va suyuq sovun eng ishonchli variant bo‘lib qoladi. Agar buyum qimmatbaho toshli yoki juda nozik bo‘lsa, professional tozalashni tanlash maqsadga muvofiq. Noto‘g‘ri tozalash usullari oltin va toshlarga qaytarib bo‘lmas zarar yetkazishi mumkin.
Fonon karta uchun ariza
Ma'lumotlaringizni qoldiring, Fonon karta bo'yicha siz bilan bog'lanamiz.











