Sariq, oq va pushti oltin: farqi va qaysi biri bardoshliroq?

26/01/2026

Sariq, oq va pushti oltin: farqi va qaysi biri bardoshliroq?

Zargarlik buyumini tanlashda ko‘pchilik xaridorlar odatda dizayn va narxga e’tibor qaratadi. Biroq mutaxassislarning ta’kidlashicha, oltinning rangi ham mahsulotning tashqi ko‘rinishi, mustahkamligi va parvarish talablariga bevosita ta’sir qiladi. Ushbu maqolada sariq, oq va pushti oltin o‘rtasidagi farqlar, ularning xususiyatlari hamda qaysi biri bardoshliroq ekanligi haqida oddiy va tushunarli ma’lumot beramiz.

Oltin ranglari necha xil bo‘ladi?

Zargarlikda eng ko‘p uchraydigan oltin ranglari uch xil: sariq, oq va pushti (qizg‘ish) oltindan iborat bo’ladi. Muhim jihat shundaki, oltin ranglari bo‘yalish orqali emas, balki oltin va boshqa metallar qotishmasi orqali hosil qilinadi. Sof oltin (999 proba) tabiatan sariq rangda bo‘ladi, qolgan ranglar esa qo‘shimcha metallar hisobiga olinadi.

Sariq oltin: klassik va universal tanlov

Sariq oltin — eng an’anaviy va keng tarqalgan oltin turi hisoblanadi. Uning tarkibida oltin bilan birga kumush va mis mavjud bo‘ladi. Uning afzalliklari sifatida tabiiy oltin rangiga eng yaqinligi, rangini uzoq vaqt saqlashi va parvarishi nisbatan osonroq ekanligi keltiriladi. Sariq oltin kundalik taqish uchun ham, klassik dizaynlarni yoqtiruvchilar uchun ham birdek mos keladi.

Oq oltin: zamonaviy va nafis ko‘rinish

Oq oltin oltin va palladiy yoki nikel qotishmasidan tayyorlanadi. Ko‘pincha uning yuzasi rodiy bilan qoplanadi, bu esa buyumga yorqin va oq rang beradi. Ushbu xil zamonaviy va elegant ko‘rinish berishi, brilliant va qimmatbaho toshlar bilan yaxshi uyg‘unlashishi orqali unikal hisoblanadi. Ammo oq oltinni tanlashda e’tiborga olish kerak bo’lgan jihatlar bor. Masalan, vaqt o‘tishi bilan rodiy qoplamasi yupqalashishi mumkin. Shuning uchun uni vaqti-vaqti bilan qayta qoplash talab etiladi. Shunga qaramay, oq oltin ko‘proq zamonaviy uslubni yoqtiradiganlarning keng ommasi tomonidan tanlanadi.

Pushti oltin: trenddagi va mustahkam variant

Pushti oltin oltin va mis qotishmasidan olinadi. Mis miqdorining ko‘pligi unga iliq pushti rang bag‘ishlaydi. Oltinning ushbu turi romantik va noodatiy ko’rinish berishi, mustahkamligi va rangini yaxshi saqlashi bilan ajralib turadi. So‘nggi yillarda esa pushti oltin dizaynerlik taqinchoqlarida keng qo‘llanilmoqda.

Qaysi oltin bardoshliroq?

Eng ko‘p beriladigan savollardan biri — qaysi oltin rangi mustahkamroq ekanligi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, sariq oltin muvozanatli va ishonchli tanlov hisoblanadi. Oq oltin rodiy qoplamasi sababli nisbatan ko’proq parvarish talab qiladi. Pushti oltinning tarkibidagi mis uni eng bardoshlilar sirasiga kiritadi. Shu bilan birga, bardoshlilik faqat rangga emas, oltin probasiga ham bog‘liq. Masalan, 585 probali oltin kundalik taqish uchun eng maqbul hisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, sariq, oq va pushti oltin ranglari tarkibi va tashqi ko‘rinishi bilan farqlanadi. Pushti oltin mustahkamligi, sariq oltin klassikligi, oq oltin esa zamonaviy nafisligi bilan ajralib turadi. Qaysi oltinni tanlash esa xaridorning didi, foydalanish maqsadi va parvarishga tayyorligiga bog‘liq.

Sariq, oq va pushti oltin: farqi va qaysi biri bardoshliroq? image 1
Sariq, oq va pushti oltin: farqi va qaysi biri bardoshliroq? image 2
Sariq, oq va pushti oltin: farqi va qaysi biri bardoshliroq? image 3
Sariq, oq va pushti oltin: farqi va qaysi biri bardoshliroq? image 4

Yangiliklarimizga obuna bo‘ling